Shanba, 05.07.25, 00.46
Приветствую Вас bemor
Главная

Регистрация

Вход

RSS
Главная » 2006 » Сентябрь » 30 » PREZIDENTGA MAKTUBLAR
PREZIDENTGA MAKTUBLAR
20.21
‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov nomiga har kuni yurtimizning uzoq va yaqin shahar-qishloqlaridan, chet ellardan yuzlab xatlar keladi. Albatta, ular ma’no-mazmuniga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, chet el fuqarolari tomonidan yo‘llangan xatlarda mamlakatimiz bilan hamkorlikning turli qirralari haqida gap borsa, yurtdoshlarimizning maktublarida bugungi hayotimizga bevosita bog‘liq masalalar qalamga olinadi.

Har bir xat Prezident devonida ro‘yxatga olinib, ularda bayon etilgan taklif va mulohazalar, muammolar tegishli mas’ul xodimlar, idora va tashkilotlar tomonidan har tomonlama chuqur o‘rganiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezident devonida joriy etilgan tartibga ko‘ra, hyech bir xat javobsiz va nazoratsiz qolmaydi. Ularda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘z vaqtida aniq choralar ko‘rilishi qat’iy odat tusiga kirgan.

Davlatimiz rahbari fuqarolardan keladigan maktub va nomalar, ariza va murojaatlar haqida so‘z yuritib, shunday deydi: "Bu xatlar meni hayot bilan, jamoatchilik vakillari va xalq bilan bog‘lab turadigan muhim bir vosita vazifasini bajaradi. Bunday maktublarni o‘qiganda men go‘yoki oddiy yurtdoshlarimiz bilan muloqot qilib, suhbat qurgandek bo‘laman. Shu bois har qaysi xatga jiddiy e’tibor berish, ularni javobsiz qoldirmaslikni o‘zim uchun ham qarz, ham farz, deb bilaman".

Aksariyat maktublarda vatandoshlarimiz Prezident olib borayotgan ichki va tashqi siyosat haqida, taraqqiyotimiz rivojiga oid turli masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirishadi. Ko‘pgina xatlarda esa joylarda hal bo‘lmasdan kelayotgan ayrim muammolar, mavjud kamchilik va yetishmovchiliklar, ularga barham berish haqida yordam so‘rab murojaat qilinadi. Bu ham bejiz emas, albatta. Chunki odamlar o‘zlari ishonch bildirib saylagan davlat rahbaridan ularni bezovta qilayotgan, qiynayotgan masalalar bo‘yicha yordam va ko‘mak so‘rashga o‘zlarini haqli deb biladi.

Shu bilan birga, shunday xatlar ham borki, ularda arzu shikoyat emas, balki qalb tubidan chiqqan xolis dil izhorlari bitilgan bo‘ladi. Bunday insonlar odatda o‘zi uchun hyech narsa so‘ramaydi.

"Mana shunday maktublar mening zimmamga yuklatilgan mas’uliyatli vazifani ado etishda qandaydir kuch-g‘ayrat beradi. Joylardan bildirilgan samimiy fikrlar, yurtdoshlarimizning yuragini ochib yozgan xatlarini o‘qib, o‘zim uchun yaqin va qadrdon odamlar bilan sirdosh bo‘lib, yuzma-yuz so‘zlashgandek bo‘laman, — deydi Prezident. — Bunday yozishmalarning har qanday inson uchun, birinchi galda, rahbar uchun ahamiyati katta. Negaki, odamzot o‘z sirini tasodifan duch kelgan kishiga ochavermaydi, qanday og‘ir vaziyatga tushmasin, dardu g‘amini hammaga ham bayon qilmaydi. Faqat o‘zi hurmat qilgan, ishongan insongagina dil sirlarini ochishi mumkin. Va bunday ishonchning albatta qadriga yetish kerak.

Shu boisdan Prezident nomiga xat yozgan, maktub yo‘llagan, o‘zining ezgu niyatlari, g‘am-tashvishlari, xursandchiligini bildirgan yurtdoshlarimga javoban men ham shunday munosabatda bo‘lishni zarur, deb bilaman.

Ma’lumki, inson ko‘ngli o‘ta nozik. Boshiga kulfat yoki sinov tushgan odam, avvalo, o‘z dardiga hamdard izlaydi. O‘zining dardini tinglaydigan, yuragidan qabul qiladigan sirdosh topganida, garchi mushkuli birdaniga hal bo‘lmasa ham, g‘ubori chiqib, yengil tortadi. Shuning uchun ham doimo oddiy odamlarning tashvish va muammolariga katta e’tibor qaratish, keng jamoatchilik, birinchi galda, rahbar va mutasaddilar bu masalada, ayniqsa, ziyrak va sezgir bo‘lishi, buni nafaqat o‘z vazifasi, balki insoniy burchi deb bilishi lozim".

E’tiboringizga havola etilayotgan ushbu kitobga 1991-2005 yillar mobaynida mamlakatimiz va chet el fuqarolari tomonidan Prezident Islom Karimov nomiga yo‘llangan minglab maktub va nomalar hamda ularga Yurtboshimiz yo‘llagan javoblar orasidan tanlab olingan ayrim namunalar kiritilgan.

Ma’lumki, oddiy odamlar, ijodkorlar o‘rtasida xat orqali muloqot qilish, qalb tuyg‘ulari, quvonch va iztiroblarini baham ko‘rishish, turli voqyealarga munosabat bildirish an’anasi azaldan mavjud. Ayniqsa, Sharqda she’riy yo‘lda bitilgan maktublar qadimdan mashhur bo‘lib, "noma" degan nom bilan alohida adabiy janr sifatida rivojlanib kelgan. Buyuk shoir va ijodkorlarimiz bu janrda barakali ijod qilganlar, xatni ham san’at darajasiga ko‘tarib, ma’rifiy taraqqiyotga xizmat qildirganlar.

Shu nuqtai nazardan "Prezidentga maktublar" kitobi ma’no-mazmuni va tuzilishiga ko‘ra ajralib turadi. Chunki bu kitobda jamlangan har bir xat mamlakatimiz taraqqiyotining muayyan bosqichi, aniq tarixiy voqyealar, o‘z mehnati va ijodi orqali O‘zbekistonning yangi tarixini yaratishda faol ishtirok etib kelayotgan insonlar taqdiri bilan bog‘liq holda yozilgan bo‘lib, istiqlolimizning o‘ziga xos solnomasini tashkil etadi, desak, aslo xato bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ularda O‘zbekiston deb atalmish go‘zal va betakror diyorimizning buguni va ertangi kuni uchun kuyunish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, el-yurt tinchligini asrash, Vatanimiz taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yaqqol namoyon bo‘ladi.

Qisqacha aytganda, "Prezidentga maktublar" kitobida biri O‘zbekiston zaminida, boshqasi esa dunyoning olis bir mintaqasida yashayotgan turli kasb, turli taqdir egalarining har xil tillarda yozgan xatlarini yagona maqsad, yagona g‘oya — Vatanimizga, davlatimiz rahbariga bo‘lgan hurmat-ehtirom va muhabbat hislari, minnatdorlik tuyg‘ulari birlashtirib turadi. Aynan shu bois bu kitobning bosh qahramoni bo‘lib O‘zbekiston obrazi, uning fidoyi Prezidenti siymosi gavdalanadi.

Kitob olti bo‘limdan iborat bo‘lib, mustaqilligimiz tarixining g‘oyatda hayajonli va tahlikali damlaridan dalolat beradigan xat va murojaatlar, da’vatkor so‘zlar jamlangan birinchi bo‘lim "Xalq taqdiri va baxtini o‘ylab..." deb ataladi. Bu fasldan joy olgan O‘zbekiston rahbarining 1991 yil 20 avgustdagi respublika aholisiga murojaatini, ayniqsa, hayajonlanmasdan o‘qib bo‘lmaydi.

Ma’lumki, aynan o‘sha paytda sobiq SSSRda GKCHP, ya’ni Favqulodda holat davlat komiteti deb atalgan nom bilan siyosiy to‘ntarish amalga oshirilgan edi. Imperiyaparast kuchlar shu yo‘l bilan mustaqillik sari tobora yaqinlashib kelayotgan respublikalardagi ozodlik harakatlarini bo‘g‘ib, mustabid tuzumni saqlab qolmoqchi edi.

Ana shunday o‘ta qaltis bir vaziyatda Islom Karimov yurtimiz aholisiga murojaat qilib, O‘zbekiston o‘zi tanlagan mustaqillik yo‘lidan hyech qachon qaytmasligini aniq-ravshan va mardona bayon qilgan edi. Ushbu murojaatda, jumladan, bunday deyiladi: "Markazdan, boshqa ba’zi bir jumhuriyatlardan qanday qarorlar chiqmasin, va’dalar berilmasin, har qanday chaqiriqlar, da’vatlar, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishga harakatlar bo‘lmasin, biz o‘zimiz tanlagan yo‘limizdan va belgilab olgan maqsadlarimizdan qaytganimiz yo‘q. Bu yo‘l bizning xalqimiz tarixiga, urf-odatlariga, tabiatimiz shart-sharoitlariga, xullas, xalqimiz manfaatlariga mos yo‘ldir" (10-bet).

Kitobning ushbu bo‘limida berilgan turli kasb egalarining Yurtboshimizga yozgan xatlarida istiqlolning oddiy odamlar uchun, butun xalqimiz uchun qanday imkoniyatlar ochib berayotgani, ular o‘zlarining Vatan oldidagi muqaddas burchini qanday tushunishi, Prezident siyosatini qanday qabul qilayotgani hayotiy misollar, samimiy tuyg‘ular orqali bayon qilinadi.

Ma’naviyat ahli bilan samimiy muloqot, san’at, adabiyot va madaniyat namoyandalariga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik, iste’dod sohiblarini qadrlash Prezidentimiz faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Shu bois mamlakatimiz rahbarining bu soha vakillari bilan xat va yozishmalari alohida bir bo‘limni tashkil etgani bejiz emas. "Yuksak ma’naviyat yo‘lida" deb nomlangan ushbu faslda Islom Karimovning taniqli san’atkorlar, yozuvchi, jurnalist va olimlar, madaniyat namoyandalariga yo‘llagan xatlari hamda ularning yozgan maktublari o‘rin olgan.

Marhum adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlagani uchun Yurtboshimizga minnatdorlik bildirib yozgan xatida shunday samimiy so‘zlarni bitgan: "Men Sizni o‘n yildan beri shaxsan tanish baxtiga musharrafman. Shu yillar davomida necha martalab mehr-muruvvatingizdan bahramand bo‘ldim, e’zoz-e’tiboringizdan boshim osmonga yetdi. Men ko‘p o‘yladim — men yurtimizning oddiy bir zahmatkash ziyolisiman, nima sifatlarim borki yoki qanday ishni do‘ndirib qo‘yibmanki, Yurtboshimizning bunday yuksak e’tiboriga sazovor bo‘ldim? Keyin amin bo‘ldim — bularning bari Sizning elu yurtimizga, xalqimizga muhabbatingizdan bir nishona ekan" (56-57-betlar).

O.Sharafiddinov ko‘zi xiralashib qolgan paytda uni davolash uchun Prezidentimizning maxsus topshirig‘i bilan Moskvadan tajribali shifokor chaqirilganini shunday eslaydi: "Ertasi kuni Moskvadan, mashhur Fyodorov ko‘z klinikasidan Javot Magarramov degan bir professor keldi, u kun bo‘yi men bilan birga yurib, ko‘zimni har xil apparatlarga solib, tashxisni belgiladi va operatsiya qilib, kataraktani olib tashlash kerakligini aytdi..." (60-bet).

Ushbu bo‘limda, shuningdek, Gavhar Rahimova, Mahmud Usmonov, Zulfiya, Said Ahmad, Rahim Ahmedov, Chingiz Aytmatov singari taniqli ma’naviyat va madaniyat namoyandalari bilan xat va yozishmalardan namunalar ham berilganki, ularning har birida ana shunday samimiy minnatdorlik va ehtirom tuyg‘ulari mujassam.

Prezidentimiz qayerga bormasin, boshqa ijtimoiy toifa kishilari qatori yosh avlod vakillariga ham alohida e’tibor beradi, ular bilan suhbat qurib, yoshlarning orzu-o‘ylari va rejalari bilan yaqindan qiziqadi. E’tiborga sazovor jihati shundaki, bunday muloqotlar nafaqat bevosita uchrashuvlar, balki xat va yozishmalar shaklida ham muntazam davom etadi. "O‘zbekistonning barcha bolalari — mening farzandlarim..." deb nomlangan uchinchi bo‘limni aynan ana shunday mazmundagi xatlar tashkil etadi.

Ularni o‘qir ekanmiz, yoshlarimizning turli sohalarda qo‘lga kiritayotgan g‘alabalarida ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zarur shart-sharoitlar yaratib berish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning hayotbaxsh ta’siri beqiyos ekanini yana bir bor sezamiz.

Kitobning "Jahon ahlining e’tirofi", "O‘zbek xalqi hyech qachon, hyech kimga qaram bo‘lmaydi", "Yaxshilik, mehr-oqibat unutilmaydi" deb nomlangan bo‘limlari ham ana shunday yorqin lavhalar, ibratli mulohazalarga boy.

Masalan, Andijon viloyati, Paxtaobod shahrida yashovchi Mavluda Abdullayeva o‘z xatida shunday so‘zlarni bayon qiladi: "Mening onam — Rahima aya Abdullayeva 10 yildan buyon kasal edilar. Mening yordam so‘rab Sizga, Prezident devoniga yozgan maktubim tufayli onamni kasalxonaga joylashtirib, operatsiya qilishdi. Onamiz bag‘rimizga qaytib, yana qatorimiz to‘ldi. Hozir ahvollari yaxshi. Sizning katta e’tiboringiz tufayli mening onamga o‘xshagan ko‘plab mushtipar onalarga yordam berib kelinyapti" (156-bet).

Kitobdan joy olgan maktublar orasida bunday misollarni o‘nlab keltirish mumkin.

Muxtasar qilib aytganda, "Prezidentga maktublar" kitobi O‘zbekiston rahbarining mas’uliyatli va serqirra faoliyati, yurtimizda yangi hayot, yangi jamiyat qurish yo‘lida fuqarolarimiz, xalqaro jamoatchilik vakillari bilan olib borilayotgan doimiy va samimiy muloqotlar haqida tasavvur uyg‘otishga, yurtdoshlarimizni vatanparvarlik, istiqlol g‘oyasiga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Категория: Yangiliklar | Просмотров: 2203 | Добавил: gulruh | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Разделы новостей
She'rlar [22]
Hikoyalar [4]
Rasmlar [2]
Maqolalar [90]
Kundaliklar [5]
Yangiliklar [75]
Форма входа
Календарь новостей
«  Сентябрь 2006  »
Пн Вт Ср Чт Пт Сб Вс
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930
Поиск
Друзья сайта
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0
Наш опрос
Bu sayitni admini necha yoshda

[ Результаты · Архив опросов ]

Всего ответов: 24
Мини-чат
200