Har bir xalqning o'ziga yarasha urf-odatlari, marosimlari bo'ladi. Agar biz dunyo xalqlarining hayotiga nazar tashlasak bir-biriga o'xshamagan, turli-tuman marosimlarni ko'ramiz. Marosimlar jamiyat, xalq va shaxs hayoti-faoliyatidagi muhim o'zgarishlar, ijtimoiy ahamiyatga molik voqea-hodisalar bilan bog'liq bo'lib, ular ibrat orqali tarbiyalash, ruhiy-estetik ta'sir ko'rsatish vazifasini bajaradi. Marosimlarda milliy,diniy urf-odatlar va rasm-rusumlar ham o'z ifodasini topadi.
O'zbek xalqining paydo bo'lishi tarixi qanchalik uzoqqa borib taqalsa, uning milliy an'analari, urf odatlari, marosimlari ham shunchalik teran tarixiy ildizga ega. Ular xalqning ma'naviy ehtiyojlari zaminida paydo bo'lib, shakllanib, sayqallanib o'z mazmunida shu xalqning orzu-o'ylari, istaklari, turmush tarzi, axloq normalarini mujassam etadi. Shuning uchun ham har bir xalq, millat, elat ularni ko'z qorachig'iday avaylab-asrashi, taraqqiy ettirishi, kelgusi avlodlarga ma'naviy qadriyat sifatida etkazmog'i lozim. Darhaqiqat, an'analar, urf-odatlar, marosim va bayramlar xalqning, millatning ma'naviyati, qadriyatlarini ajralmas qismidir.
Keng Internet foydalanuvchilari ommasi uchun mo'ljallangan ushbu saytda insonning dunyoga kelib, yashab, to umri poyoniga etib, tuproqqa qo'yilguncha unga hamroh bo'ladigan eng asosiy urf-odatlar, taomillar, udumlar haqida qiziqarli hikoya qilinadi.