Sevgi, sevgi, deymizu, uning shirin iztiroblari oldida ojizlik qilamiz. U boshimizga savdolar solganida ohlar uramiz. Qalb to'rida qolguvchi alam va nolalari, yurakni o'rtaguvchi shirin azoblari qalbimizni unsiz yig'latadi. Muhabbatsiz yashash qiyin. Har on, har lahza sizni o'ylayman. Siz haqingizda xayol suraman. Balki shudir, sevgi deganlari. Sizga o'zim sezmagan holda bog'lanib borardim. Siz mening hayotimga ma'no va mazmun bag'ishlovchi eng qadrli insonsiz. Tuyg'ularim, muhabbatimni asrashga harakat qilaman. Ammo gohida buni uddasidan chiqa olmayman. Sizni menga aytayotgan so'zlaringiz xuddi yolg'ondek tuyuladi. Men uchun bu dunyoda sizdek kelishgan, shirinso'z, yigit yo'q edi, go'yo. Yonimda yurgan paytlaringizda qadringizga yetmadimmi yoki o'z tuyg'ularimni sezmay qoldimmi, bilmadim. Sezganimda esa afsus, kech bo'lgandi. Chunki o'zga uchun siz Majnun edingiz. Esingizdami? Siz menga o'z armoningizni aytayotganingizda ishongandim, biroq o'zgalar uchun kuyganingizda, boshqasi ortidan yugurganingizda barchasi yodimdan chiqdi. Siz menga ham o'z dil izhoringizni aytardingiz-u, keyin yana boshqasi bilan ko'ngilxushlik qilib yurardingiz. Sizning so'zlaringizga, sizning sevgingizga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmayman. Dilingizdagi sevgi (agar bor bo'lsa) men uchun qorong'u va ishonchsizdek bo'lib tuyulaveradi. Ammo mening qalbimdagi tuyg'ularimning jilovi yo'q. Goho sizni tushungandek bo'laman: sevsangiz ham sevmasangiz ham, izhoringizni aytasiz. Bu siz uchun ayb emas, sevdim deya tashlab ketaverasiz. Qizlar-chi? Sevmasa sevmayman deya rad etadi. Sevsa-chi? Unda nima qiladi. Xuddi men kabi armonlar ummoniga g'arq bo'lib yashayveradimi? Azizim! Sizdan qolgan shirin azoblar qalbimni qiynoqlarga solyapti. Tunlari oromim yo'q. Bu azoblardan butunlay yiroqlashgim keladi. Biroq ne qilayki, dardimga davo topolmayman. Go'yo, ko'nglim quliga aylanib qolgandekman. Sizsizlik men uchun azob. Siz buni bilmaysiz. Chunki siz bu azobning ta'mini totib ko'rmagansiz. Ishqingizga ishongim keladi. Biroq men ishonch-siz sevgi qarshisida bosh egib qolishlikni istamayman. Mening ko'nglim sizning chin sevgingizga mushtoq va siz bilan sevib-sevilib baxtli yashashni xohlayman. Har ne bo'lganda ham muhabbat qasrining sultoni bo'lishingizni tilab Charosingiz