Juma, 20.12.24, 06.41
Приветствую Вас bemor
Главная

Регистрация

Вход

RSS
Главная » 2006 » Октябрь » 1 » Ma’naviyat va homiylik
Ma’naviyat va homiylik
18.42
Ma’naviyat va homiylik

yoki xorijdagi ayrim nodavlat tashkilotlar, jamg‘armalar mamlakatimizda demokratik jarayonlarni qo‘llagandek bo‘layotgani ortida boshqa maqsadlar borligi haqida

Prezidentimiz homiylikka ixcham va purma’no ta’rif berib, shunday degan edilar: «Homiy degani — bu avvalambor saxovatli bo‘lish, beg‘araz yordam berish degani». Darhaqiqat muhtojlarga mehr-oqibat, muruvvat ko‘rsatish xalqimizda qadimdan eng yuksak qadriyatlardan biri sifatida e’zozlanib kelingan.

Jamiyatda u yoki bu sabablarga ko‘ra og‘ir ahvolga tushib qolganlarni muhofaza qilish deganda, ijtimoiy guruhlar, davlat yoki alohida shaxslarning saxovati va himmati tushuniladi. Agar ana shu tamoyillarga amal qilinmaydigan bo‘lsa, yuqorida sanab o‘tilganqatlam og‘ir tushkunliklarga duch keladi. Shuning uchun ham «himmat» va «homiylik» so‘zlarining o‘zagi tarixan ham, aslan ham bitta. Himmat bilan saxovat esa egizakdir.

Prezidentimiz homiylikning bir qarashda ilg‘ab olish qiyin bo‘lgan nozik jihatlarini ochib berdi: «Homiylikni biz inson qalbi va yuragidagi eng ezgu tuyg‘ularning amaliy ifodasi deb bilamiz. Ya’ni, homiy deganda, yon-atrofdagi beva-bechoralarga, yetim-esir, muhtoj kishilarga ko‘mak va yordam berishga, odamlarning dardiga hamdard bo‘lishga, qadrdon qishlog‘i yoki shahrini obod qilishga intiladigan, bir so‘z bilan aytganda, savob ish qilib yashaydigan insonlarni o‘zimizga tasavvur etamiz.»

Og‘ir xastalikka uchraganlar, nogironlar, mehnat faoliyati cheklangan, shuningdek, aqliy va jismoniy nuqsoni bor insonlar homiylik yordamiga muhtojlar hisoblanadi. Bularning safiga ba’zi bir sabablarga ko‘ra vaqtincha ishsizlik holatiga tushib qolganlar ham kiradi.

Er yuzidagi mahluqotlar ichida eng yuksagi va olijanobi bo‘lgan insonning bosh fazilati avvalo yaqinlariga mehribonlik, muhtojlarga yordam ko‘rsatishida namoyon bo‘ladi. Insoniylikning muhim belgisi — ma’naviyat, ma’naviyatning muhim xususiyati esa himmat va saxovatdir. Homiylik shunday faoliyat turiki, u ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Birovning tazyiqi, majburlashi ostida qilinadigan homiylik mohiyatan homiylik emas. Mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, homiylik inson qalbi va yuragidagi eng ezgu tuyg‘ularning amaliy ifodasidir.

Homiylik faoliyati juda qadim zamonlardan buyon ajdodlarimiz tomonidan amalga oshirib kelingan. Bugun bizga o‘zini hamma sohada ibrat qilib ko‘rsatmoqchi bo‘layotgan ayrim G‘arb davlatlari hali bu tushuncha nimaligini bilmagan bir paytda, bizning zaminimizda homiylikning ilk ildizlari qadim-qadimlarga borib taqaladi. Shu bois ajdodlarimizga munosib bo‘lish uchun ham bugun biz bu xislatlarni yanada rivojlantirishimiz, yangi cho‘qqilarga olib chiqishimiz zarur. Buning uchun esa, avvalo homiylikning mohiyatini chuqur anglab olish talab qilinadi.

«Homiylik» tushunchasi barchaga ma’lumday tuyulsa ham, aslida uning ilg‘ab olish mazmun-mohiyatini his qilish o‘ta mas’uliyatli va murakkab jarayondir. Bizning nazarimizda eng avvalo haqiqiy va soxta homiylikni farqlay bilish zarur. Gap shundaki, o‘zini homiy qilib ko‘rsatishga urinayotganlarning hammasi ham haqiqiy homiy emas. Bularning shunday bir toifasi borki, ular to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Gap — bugun xorijdagi o‘zini homiy qilib ko‘rsatishga urinayotgan shaxslar, tashkilotlar, jamg‘armalar va uyushmalar to‘g‘risida bormoqda.

Bunday tashkilot va jamg‘armalar o‘zlarini go‘yo mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni qo‘llayotganday qilib ko‘rsatib, alohida shaxs va tashkilotlarga moddiy «yordam» ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Aslida esa, bu «yordam» va «xayriyalar» boshqa maqsadlarni ko‘zlab, o‘zlarining g‘oya va mafkuralarini o‘tkazish yo‘lidagi soxta tadbirlardir. Vujudga kelgan vaziyatning lol qolarli jihati yana shundaki, xorijlik «homiylari»ning sadaqasini olib ularning nog‘orasiga o‘ynay boshlagan ba’zi bir kimsalar bir to‘da laqma odamlarni topib, ularni ham shu kuyga o‘ynatmoqchi bo‘lishadi. Bu o‘rinda homiylik mohiyati ikki marotaba buziladi. Birinchi buzilish shundaki, xorijlik «homiy»lar (aslida ularni homiy emas, emissar yoki josuslar, deyilsa to‘g‘riroq bo‘ladi) haqiqiy muhtoj odamlarga emas, o‘ziga to‘q, biroq arzimas narsa uchun aytilgan «topshiriqni» bajaradiganlarga «homiylik» qilishadi. Vatanni sotishga tayyorlarga qilingan bunday ishlar aslida saxovat emas. Hazrat Navoiy «Mahbub ul-qulub»da aytganidek, «Zarur vaqtda berilgan eski chopon va bo‘z to‘n — saxovat, bemahal hadya qilingan zarbof chopon — yaramaslikdir». Yuqoridagi «xayriyalar» ana shu ikkinchisiga misol bo‘la oladi. Shuning uchun bu amalning homiylikka hech qanday aloqasi yo‘q, bu shunchaki oldi-sotdi, manfurlik. Sadaqaga muhtoj bo‘lmasada uni oluvchi kimsalar o‘sha sadaqa evaziga vijdonini, Vatanini sotmoqda.

Ajablanarlisi shundaki, pastkash odamlar o‘zlarining qilmishlarini ehtiromga loyiq ishday ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. Buning uchun ular o‘sha pastkashliklarga eng yuksak qadriyatlarni niqob qilib oladilar. Bunday sadaqani qo‘lga kiritganlar endi haqiqiy muhtojlar orasidan ozgina mablag‘ uchun har qanday ishni bajarishga tayyor bo‘lgan imon-e’tiqodi mo‘rt odamlarni izlay boshlashadi. Afsuski, oramizda bundaylar yo‘q emas.

O‘tgan yili may oyida Andijonda sodir etilgan terrorchilik hurujlarining bir guruh aybdorlari ustidan olib borilgan sud jarayonlari ularning xorijdan mo‘may mablag‘ olib turganini ko‘rsatdi. Ana shu xorijdan kelayotgan mablag‘lar evaziga ularning o‘zlari ham «homiylik» faoliyatini boshlab yubordilar. Muhtoj odamlar orasidan endi o‘zlariga ergashadiganlarni izlay boshlashdi. Bundaylar topildi ham. Ularga «homiylik» ko‘rsatish evaziga Vatanga qarshi qurolli harakatga unday boshlashdi.

Muxtasar aytganda, akromiylar o‘z yovuz maqsadiga erishish yo‘lida bajaradigan ishlarni besh bosqichda rejalashtirganlar: «sirli» yoki «maxfiy» deb atalgan birinchi bosqichda o‘zi yetaklagan yo‘lga yuradigan laqmalarni topish maqsadi qo‘yilgan. «Moddiy» yoki «iqtisodiy» deb atalgan bosqichda esa akromiylar o‘zlarining «homiylik» faoliyatini namoyon qilganlar. Ular muhtoj va ayni paytda laqma odamlarni aniqlagach, ularga «xudoning yo‘lida» deb moddiy yordam ko‘rsata boshlaydilar. Akromiylar domiga tushganlar boshida bu yordamni olishga iymanib turadilar. Keyinchalik mazaxo‘rak bo‘lib qolgach, hayit-arafa kunlari «homiy»larning yo‘lini poylaydigan bo‘lib qolishadi. Bu hol akromiylar ularning burnidan ip o‘tkazib olganlarini anglatadi. Endi ular «homiylar» qay tarafga yetaklasa ketaverishadi. Bu qilmishlarning oxiri nima bilan tugagani, Vatan yuziga oyoq qo‘ygan g‘alamislarning kirdikorlari xalqimizda qanday nafrat uyg‘otgani bugun barchamizga yaxshi ma’lum.

2006 yil «Homiylar va shifokorlar yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida xalqimizning yuksak qadriyati bo‘lgan homiylik haqida ko‘plab chiqishlar qilinmoqda. Turli soha kishilarining homiylikning yangi-yangi qirralari xususidagi fikrlari berilmoqda. Olib borilayotgan tadqiqotlar, targ‘ibotlar natijasida yurtdoshlarimiz homiylikning tub mohiyatini, o‘ziga xosliklarini tobora chuqurroq anglab borishmoqda.

Biroq, homiylik deganda, ko‘proq moddiy yordam ko‘rsatish tushunilmoqda. Odamlarga saxovat ko‘rsatib, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, albatta, homiylik. Lekin, homiylikning shunday bir turi ham borki, uning qadr-qimmati moddiy yordam berishda namoyon bo‘ladigan homiylikdan kam emas. Bu — ma’naviy homiylikdir.

Har xil ruhiy holatlarga tushib qolganlarning ko‘nglini ko‘tarish, xastalar diliga malham bo‘lish, yo‘ldan adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish ma’naviy homiylikning ko‘rinishlaridir.

Xijolat chekayotgan odamni bu holatdan chiqarish unga xazina berish bilan barobar. Turmushning baland-pastliklari, har xil chuqurliklari bo‘ladi. Qiyin holatga tushgan odamga ko‘pincha moddiy yordam emas, ma’naviy taskin zarur. Shuni nazarda tutib, hazrat Navoiy:

Bir ko‘ngli buzug‘ning

xotirin shod aylamak,

Oncha borki, Ka’ba vayron o‘lsa

obod aylamak

degan edilar.

Bildirgan mulohazalardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, nazarimizda moddiy homiylik ma’naviy homiylik bilan qo‘shilganda, yaxshi samara beradi. Zero, moddiy hayot ma’naviyat bilan yo‘g‘rilganda insoniyat oliy saodatga erishadi. Shuning uchun, bizningcha, homiylik tamoyillariga amal qilmoq zarur. Muhtoj odamga yordam ko‘rsatib, ya’ni homiylik qilib, keyin bu haqda odamlar orasida maqtanish, odamga yaxshilik ko‘rsatib, keyin uni xafa qilish bilan barobar.

Tom ma’nodagi saxovat obro‘ orttirish uchun qilinmaydi. U samimiy, ko‘ngildan chiqarib amalga oshiriladi. Homiylikning mana shu xususiyati to‘g‘risida Yurtboshimiz shunday degan edilar: «Men ba’zan ko‘p joylarda saxovatli, oliyhimmat yurtdoshlarimiz hech kimga ovoza va oshkor qilmasdan, bolalar uyiga, muhtoj oilalarga yordam berib, nogironlar va yolg‘iz keksalarga muruvvat ko‘rsatib yurganini eshitganda beixtiyor qoyil qolaman..»

Ha, ma’naviy homiylik ijtimoiy hayotda muhim vazifalarni bajaradi. U ma’naviy-ruhiy iqlimni yaxshilaydi, odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, hattoki dushmanlikka chek qo‘yib, do‘stlik rishtalarini bog‘laydi. Ba’zi odamlar yomonlik qilishsa, uni boshqalardan yashirishga, yaxshilik qilishsa, bu haqda jar solishga intilishadi. Muhtojlarga ko‘rsatgan yordamini elga e’lon qilib yurgan odamning ishini bir piri komil muhtojlarga osh qo‘yib, ustiga tuproq sepib berish bilan barobar, degan ekan. Qo‘pol tarzda moddiy yordam bergandan ko‘ra, bermagan yaxshiroq. Bu haqda Shayx Sa’diy shunday degan edi:

Nonim oshdi, obro‘ kamaydi biroq,

Xorlikdan ko‘ra yo‘qchilik yaxshiroq.

Joriy yilning mamlakatimizda «Homiylar va shifokorlar yili» deb atalishi homiylikning rivojlanishiga, takomillashuviga, odamlar orasida keng tarqalishiga shubhasiz hissa qo‘shadi. Bu esa o‘z navbatida jamiyatimizdagi ma’naviy-ruhiy iqlimning yanada yaxshilanishi va xalqimiz turmush farovonligini oshirishga katta turtki beradi.

Abdullajon Begmatov,

professor

Категория: Maqolalar | Просмотров: 1663 | Добавил: gulruh | Рейтинг: 1.0/1 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Разделы новостей
She'rlar [22]
Hikoyalar [4]
Rasmlar [2]
Maqolalar [90]
Kundaliklar [5]
Yangiliklar [75]
Форма входа
Календарь новостей
«  Октябрь 2006  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031
Поиск
Друзья сайта
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0
Наш опрос
Bu sayitni admini kim?

[ Результаты · Архив опросов ]

Всего ответов: 21
Мини-чат
200