— O‘zimizdan chiqqan «Andersen»ning ertaklari bilan ham tanishib chiqing-chi, — deb qoldi yozuvchi Majid Abduraimov, Termizda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidan qaytayotib, qo‘limga endigina bosmadan chiqqan kitobni tutqazib. — Agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, bu o‘zbek ertakchisi nomi bilan chiqayotgan birinchi ertaklar kitobi bo‘lsa kerak.
Ayni bolalarbop shakl va mazmunda chop etilgan kitob muallifiga e’tibor qilaman: «Parda Ismoilov — Termiz davlat universitetining dotsenti».
«Aql bilan baxt» deb nomlanuvchi ertaklar to‘plami Majid Abduraimov muharrirligida nashrga tayyorlanib («Adabiyot jamg‘armasi» nashriyoti. Toshkent — 2006 y.), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Bolta Yoriev so‘zboshisi bilan boshlanadi.
Kitobga kiritilgan 54 ta kattayu kichik ertak va rivoyatlarni o‘qib o‘sha olis bolalikka qaytgandek bo‘ldim. Mazkur ertaklar va rivoyatlar bilan tanishgan kattayu kichik kitobxon xuddi shu holatni o‘zida his qilishi shubhasiz. Balki o‘zimizning qadim hayot tarzimiz, urf-odatlarimiz sof xalqona ohang, sodda va ravon tilda, sharqona manzarada tasvirlangan rivoyatlarni anchadan buyon o‘qimagan, eshitmaganimiz ta’siridadir bu...
Kitob avvaliga kiritilgan «So‘z boshi»da shunday fikrlarni uchratamiz: «Parda Ismoilovning sizga taqdim qilinayotgan ushbu kitobi bolalikda eshitganim o‘sha ertaklar. Xayriyat, ular qaysi bir qalblar qatida, qaysi bir «sehrgar»lar go‘shasida yashayotgan ekan... Muallif otalarimizdan eshitgan ertaklarni imkon qadar tiklashga intilgan, ularning ayrimlarini biriktirib, yangi ertak yaratishga harakat qilgan, eng muhimi, ertak ruhini saqlagan... Menimcha, bu ertaklar mustaqil yurt ma’naviyatiga samarali xizmat qiladi. Bolalar ko‘ngli yangi quvonchlar bilan boyiydi. Ular Parda Ismoilov siymosida yana bir bor «ertakchi bobo»ga, obrazli qilib aytganda, o‘z «Andersen»iga ega bo‘ladilar».
Kitobning nomlanishida ham milliy ertaklarimizga xos bo‘lgan ramziy ma’no mujassam ko‘rinadi. Ya’ni xalq rivoyatlarida hamisha aql razolat ustidan, yaxshilik yomonlik ustidan, baxt va omad omadsizlik ustidan g‘alaba qiladi. Aqlli, fasohatli insonlar doimo ertak oxirida baxt topadilar, yaxshilik yo‘lida murodlariga yetadilar. «Aql bilan baxt» ertaklar to‘plamini o‘qigan har bir o‘quvchi bunga yana bir karra amin bo‘lishi shubhasiz.
Maktab va oilaviy kutubxonalar, bog‘chalarda bu kabi yangi ertaklar kitobiga bo‘lgan talab ancha yuqori ekanligini inobatga olsak, uning atigi... 500 nusxada chiqarilgani, albatta, maqsadga muvofiq emasdek. Kitobning lotin alifbosida rejalashtirilayotgan keyingi nashrida noshirlarimiz buni inobatga olsalar, yana minglab bolajonlarimizning qalbini ma’rifat nuridan bahramand qilgan bo‘larmidilar. GULLI KAHHAROVA |